Fakultet tarixi

    

       Mirzo Ulug’bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti mamlakat ommaviy axborot vositalariga malakali mutaxassislarni yetishtirishga mo'ljallangan  yetakchi o'quv muassasasidir. Bu erda 500 ga yaqin bo'lajak jurnalist, jurnalistika bakalavr yo'nalishi va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha tahsil olmoqda.

              Jurnalistik ta'lim ildizlari:

  • 1949 yilda O'ODU (SAGU) filologiya fakulteti qoshida jurnalistika bo'limi  tashkil qilindi.
  • 1967 yilda u mustaqil fakultet maqomiga ega bo'ldi. Unga  tarix fanlari doktori,   professor  To'g’on Ernazarovich Ernazarov rahbarlik qildi.
  • 1999 yilda jurnalistika yo'nalishi bo'yicha birinchi bakalavr mutaxassislar, 2001 yilda esa  birinchi magistr - mutaxassislar tayyorlandi.
  • 2001 yilda fakultetda raqamli va analogli teleradiostudiya, minitipografiya, Internetga ulangan  axborot manbai markazi ochildi.
  • 2004  yilda professor - o'qituvchilar kuchi bilan  fakultetning o'z texnikasi asosida ilk bor ikkita (rus va o'zbek tillarida) har biri 40 minutdan hujjatli film    yaratildi.
  • 2004  yilda fakultet  Internetda o'z  saytini ochdi.
  • 2005 yil O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga ko'ra, jurnalistika fakulteti qoshida oliy jurnalistika kurslari tashkil qilindi. Bu jurnalistikada ixtisoslashuv bo'yicha qilingan birinchi qadamdir. Oliy kurslarda barcha yo'nalishlardagi bakalavr diplomiga ega bo'lgan mutaxassislar o'qish imkoniyatiga ega.

        Fakultetimiz  malakali mutaxassislar tayyorlash maskani sifatida axborot bozorida ro'y berayotgan voqea-hodisalar, o'zgarishu yangilanishlarga juda tez va xolis munosabat bildiradi. Shu bois jamoamiz OAV sohasida fan va ta'lim, nazariya va amaliyotni uyg’unlikda rivojlantirishga intiladi.
Fakultet qariyb yarim asrlik an'analarga ega. O'z faoliyati davomida u minglab jurnalistlarni tayyorladi. Ular bugun nafaqat respublikamiz, balki xorij OAVlarida ham faoliyat yuritmoqdalar. Hozir maskanda 40 dan ziyod o'qituvchi va 30 ga yaqin xodimlar ishlaydi. Ulardan 4 nafari fan doktori, 15  tasi fan nomzodi, 10 dan ziyodi poytaxt ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik bilan ishlash xizmatlari, axborot va reklama agentliklaridagi o'qituvchi- amaliyotchilardir. Fakultetda 5 ta:

  • "Matbuot",
  • "Teleko’rsatuv va radioeshittirishlar",
  • "Uslubiyat va tahrir",
  • "Ommaviy aloqalar va reklama",
  • "Internet-jurnalistika nazariyasi va amaliyoti" kafedralari faoliyat ko'rsatmoqda.

      "Internet-jurnalistika" universitet Ilmiy Kengashining qaroriga muvofiq 2003 yilda ochildi. Bu  XXI asrda kompyuter savodsizligini bartaraf etish muammosi ko'ndalang qo'yilgan, ko'plab virtual nashrlarga ehtiyoj kuchaygan va an'anaviy OAV bilan allaqachon raqobatga kirishgan Internet – jurnalistikani shiddat bilan rivojlanishi  pallasida nihoyatda muhimdir.
      Fakultet bakalavriyat tizimining kunduzgi  bo'limida «Jurnalistika» yo'nalishi, magistratura tizimida esa  « Teleko’rsatuv va radioeshittirishlar», «Jurnalistika (faoliyat turlari)», «Axborot xizmati texnologiyalari», «Noshirlik va muharrirlik» bo'yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Davlat ta'lim standartlari fundamental (siyosatshunoslik, falsafa, tarix, madaniyatshunoslik, huquq, iqtisodiyot, etika va estetika, o'zbek va xorij adabiyoti tarixi) va maxsus kasbiy (OAV menejmenti, kommunikatsiya nazariyasi, OAV texnika va texnologiyasi, uslubiyat va adabiy tahrir, jurnalistika sotsiologiyasi va psixologiyasi, PRda marketing tadqiqoti va b.) fanlarni qamrab olgan. O'quv rejalarida chet tillarni puxta o'rganish, zamonaviy axborot texnologiyalarini o'zlashtirish kabi talablar ham salmoqli o'rin egallagan.
          Talabalarning o'quv ishlab chiqarish amaliyoti zamonaviy raqamli uskunalar bilan jihozlangan tele- va radiostudiya, foto va kinolaboratoriyalar, yagona tizimga birlashtirilgan Internet - sinfli  axborot manbai markazida o'tkaziladi. Har yilgi malakaviy amaliyotni esa bo'lajak jurnalistlar viloyat, shahar va respublika darajasida davlat va nodavlat OAVlari, axborot  va  reklama agentliklari, vazirlik va idoralar matbuot xizmatlarida o'tashadi.
Fakultet kutubxonasining 30 mingga yaqin darslik, o'quv qo'llanma, kitob va broshyuralar fondi talabalarga bemalol mustaqqil bilim olish imkoniyatini beradi.
       Fakultet minitipografiyasida jamoaviy ijod poligoni hisoblangan «O'zbekiston Milliy universiteti» ko'p nusxali va «Jurnalist» o'quv gazetalari chop etiladi. Mazkur tipografiya nafaqat o'quv va maxsus adabietlar chop etish, balki talabalarda zamonaviy matbaachilik ko'nikmalarini hosil qilish, ular kompyuterda maketlashtirish, vyorstka va dizayn ishlarini puxta o'rganishlari imkonini yaratadi.
        Jurnalistika fakulteti  Germaniya, Frantsiya, Rossiya, Ukraina jurnalistika ta'lim  markazlari bilan mustahkam hamkorlik o'rnatgan. Ta'lim maskanimizda BMT, YUNESKO va boshqa  xalqaro tashkilot va jamg’armalar bilan hamkorlikda doimiy ravishda ma'ruzalar, ilmiy-amaliy seminar, konferentsiya va «davra suhbat»lari o'tkazib kelinadi.
       Gumanitar ta'lim olgan bitiruvchilarimiz nafaqat OAVda, balki biznes, san'at, ilm-fan va  siyosiy faoliyatda ham o'zlarini ko'rsata olishdi. Ta'limning sifatan yangi kontseptsiyasini ishlab chiqilishi va tadbiq etilishi esa axborot va texnogen jamiyat sharoitida ishlay oladigan yangi avlod jurnalistlarini tarbiyalashga yo'naltirilgan.
                               Quyida fakultet kafedralari tarkibi va asosiy faoliyati bilan tanishasiz.

       «Matbuot» kafedrasi 1967 yilda tashkil etilgan. Avval kafedraga dots. V.Abdullaev, keyinchalik prof. T.Ernazarov, prof. O.Saidov, dots. B.Do'stqoraev, A.Meliboevlar rahbarlik qilganlar. Hozirda esa f.f.d., Mamatova Yo.M boshchilik qilmoqda. Kafedraning ilmiy tadqiqotlari ko'lami keng. Kafedra  a'zolari sa'y-harakati bilan oxirgi uch yil ichida «Reportyorlik faoliyatining nazariyasi va amaliyoti», «Jurnalist mehnati: kasbiylik, ijod, mahorat»(2 qismda) «Jurnalistika va PR: axborot plyus tahlil», «Jurnalistika: kasb  koordinatalari», «O'zbek xajviy publitsistikasi» «Lug’at–ma'lumotnoma: jurnalistika, reklama, pablik rileyshnz» kabi o'quv qo'llanmalari chop etildi. Ular jurnalistikaning dolzarb muammolariga bag’ishlangan xalqaro ilmiy anjumanlarning doimiy ishtirokchilaridir. Kafedra professor - o'qituvchilari xalqaro va respublika miqyosidagi  grantlar bo'yicha ilmiy loyihalarni amalga oshirmoqdalar

          «Teleko'rsatuv va radioeshittirishlar» kafedrasi 1979 yilda tashkil etilgan. Kafedraga dotsent A.Karimov, prof. X. Akbarov, dots. F.? Ro'ziev, dots. M.S.Mirsovatovalar mudirlik qilganlar.  Hozirda kafedraga Sh.Eshonboboeva rahbarlik qiladi. Kafedra a'zolari «Jurnalistikaning o'n qoidasi» kitobini tarjima qilishdi, «Telejurnalistika asoslari», «Radiojurnalistika asoslari» ma'ruzalar matnini yozishdi, «Radiojurnalistikaning o'ziga xos xususiyatlari», «Radioaxborot» o'quv-qo'llanmasini yaratishdi. Kafedra a'zolari uzluksiz ravishda respublikamiz tele -  va radiostudiyalarida o'z kasbiy malakalarini oshirib kelmo?dalar. Kafedra ilmiy loyiha bajarish uchun  davlat grantlariga ega bo'lgan.

        «Uslubiyat va tahrir» kafedrasi 1967 yilda  tashkil etilgan. Birinchi mudiri  dotsent A. Shomaqsudov bo'lgan, keyin  kafedraga dotsent I. Toshaliev, dotsent Z. Toxirov rahbarlik qildi. Hozirda  kafedraga dots. L.Toshmuxamedova  rahbarlik qilmoqda. Kafedra o'quv-uslubiy va ilmiy ishlari yuqori nufuzga ega. Kafedra a'zolari OAV tili va uslubiyati, o'zbek tili uslubiyati, muharrirlikning nazariyasi va amaliyotiga oid yuzlab ilmiy - uslubiy va nazariy ishlanmalar, o'quv qo'llanma va dasturlar chop etishgan. Kafedra tadqiqotchilari 2 ta  davlat grantini bajargan.

     «Ommaviy aloqalar va reklama» kafedrasi 1999 yilda tashkil etilgan. Unga avval professor F.Mo'minov, f.f.n D.Rashidova, Q.T.Irnazarov rahbarlik qildi. Hozirda esa kafedrada t.f.n. dots. M.M.Xusanov rahbarlik qilmoqda. Kafedra ommaviy aloqalar, reklama nazariyasi va amaliyoti, OAV qonunchiligi, xorijiy jurnalistika tarixi va amaliyotiga oid o'nlab ma'ruza matnlari va o'quv qo'llanmalari chop etgan.

     «Internet – jurnalistika nazariyasi va amaliyoti» kafedrasi 2003 yil aprel oyida ochildi. Kafedraga filologiya fanlari nomzodi, dotsent D.Rashidova rahbarlik qilgan. Hozirda kafedraga dots. Sh. Qudradxodjaev rahbarlik qilmoqda. Kafedra fakultetning eng yosh bo'linmasi bo'lishiga qaramasdan  juda oz vaqt ichida «Axborot texnologiyalari va interfaol Internet-jurnalistika», «Jurnalistikani kompyuterlashtirish va jurnalistning axboriy madaniyati», «O'zbekistonda  Internet – jurnalistika: muammolari va imkoniyatlari» kabi o'quv qo'llanma chop etdi.
 
    Fakultet Moskva Davlat univetsiteti jurnalistika fakulteti, Kiev Milliy universiteti jurnalistika instituti va Pekin Millatlararo universiteti bilan o'zaro xamkorlik asosida shartnomalar tuzgan.